Sahifa yuklanmoqda . . .


Birodarlar, mahallangizda...

Birodarlar,

Mahallangizda

Bir ayol bor -

Befarzand ayol.

Ko'p ko'zikmas... iymanar sizdan,

Og'riqlari o'ziga ayon.

 

Manglayiga singib ketgan tuz

Kechalari milt-milt eriydi.

Eri yaxshi ko'radi... afsus...

U ham yaxshi ko'rar erini.

 

Bir-biridan yashirar tushin,

Yashaydilar bir-birin asrab.

Tushunadi hatto govmushi,

Berar ekkan oqqina hasrat.

 

Bir miskin u... hayotning barcha

Da'vosiga jimgina ko'ngan.

Bir miskin u... bevafolarcha

Kelajagi o'tmishga do'ngan.

 

Birodarlar,

Haq hukmi yetib,

Qabog'lari yopilar kuni -

Mozoriga beshikda eltib,

Alla aytib ko'minglar uni!..

                                            1997


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi She'rlar Nodir Jonuzoq She'rlari Nodir Jonuzoq asarlari