Sahifa yuklanmoqda . . .


Binafsha

Audio bu yerda yuklanmadi, iltimos ushbu aloqani bosing

Binafsha, senmisan, binafsha — senmi,

Ko‘chada aqchaga sotilgan.

Binafsha menmanmi, binafsha menmi,

Sevgingga, qayg‘ungga tutilgan?

Binafsha, nimaga bir ozroq ochilmay,

Bir erkin kulmasdan uzilding?

Binafsha, nimaga hidlaring sochilmay,

Yerlarga egilding, cho‘zilding?

Binafsha,

Ayt menga,

Kimlardir, ularkim,

Ignani bag‘ringga sanchalar?

Binafsha,

Bir so‘yla,

U qanday qo‘llarkim,

Uzalar, hidlaylar, yanchalar?

Binafsha, shunchalar chiroyli yuzing bor,

Nimaga uzoqroq kulmaysan?

Binafsha, shunchalar tortguvchi tusing bor,

Ko‘nglimga isriqlik to‘kmaysan?

Binafsha, yig‘lama, binafsha, kel beri,

Qayg‘ungni qayg‘umga qo‘shgil.

Binafsha, sen uchun ko‘kragim erk yeri,

Bu yerdan ko‘klarga uchgil.

Binafsha, go‘zalim, qayg‘ulim, kelmaysan,

Qayg‘ung zo‘r, qayg‘umni bilmaysan,

Menga bir kulmaysan.

1922


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 14-Yanvarda yuklangan

2545 marta ko'rildi

5 kishi kutubxonasiga qo'shdi

Ernazar Yorbekov o'qidi


Tayanch tushunchalar:
binafsha ko'cha aqcha savdo sevgi qayg'u hid yer igna bag'ir qo'l yuz tus ko'ngil issiqlik yig'i ko'krak erk ko'k go'zal zo'r kulgi
Muallif
Abdulhamid Cho'lpon

Abdulhamid Cho'lpon

(1898-1938) XX asr tongining porloq yulduzi Cho’lpon she’riyat, nasr, dramaturgiya, tarjimachilik va maqolanavislikda samarali ijod etdi. Vatan ozodligi va millat mavqeini yuksaltirish g’oyalarini mardona, jasorat bilan tarannum etuvchi ijodi istiqlol davri hayotimizning manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulhamid Cho'lpon She'rlari Abdulhamid Cho'lpon asarlari