Sahifa yuklanmoqda . . .


Bemorlikda

Ko’zimda zulumot…
Qip-qizil olov
Sochlarimda yonar – o’chirolmayman.
Kimdir qulog’imga shivirlar shu tob.
“Nima qilib qo’yding?
Kechirolmayman…”

Birdan xira surat
O’zgarib ketar,
Birdan oqsoq cholni ko’raman yaqqol.
Boshimdagi og’riq bir lahza yitar,
Bir dam peshonamni sovutar yax qor.

O, koshki borolsam
Sening yoningga,
Qo’lingdan qilichu-sovuting olsam
Va dushman lashkarin sahroga quvib,
So’nggi dam “Engdim!” deb
jilmayib o’lsam…

O, koshki borolsam,
To’maris bilan
Dushmanlar ustiga yeldek uchgani
Va ona yurtimga bostirib kirgan
Yovning ishqdek shirin qonin ichgani.

Ammo men… Zulmatda adashib tanho,
Och qolgan bo’riman…
Uvillayman zor…
Yaramdan chakillab tushar qorga qon,
Tegramda vatanim,
Tegramda mozor…

Bir olov ichimni
Yondirar ko’pchib,
Jonimga chang solar dard dahshatdayin.
Boshim uzra bo’ron uchadi ko’chib,
Boshimga qirovlar to’kilar mayin.

Olazarak boqar to’rt yon ko’zlarim,
Bo’riman – yag’rinim kuydirar yara.
Qorga cho’kib borar qonli izlarim,
Meni ta’qib qilar alam, xotira.

Sudralib boraman
Ingrab, uvillab,
Bolalarim yotgan uyadan uzoq.
Makkor yov keladi uzib, quvlab –
Ammo qonim quvar yovdan ham tezroq…

1988


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 25-Noyabrda yuklangan

17 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Muallif
Xurshid Davron

Xurshid Davron

O‘zbekiston xalq shoiri, iste’dodli shoir va publitsist Xurshid Davronning katta adabiyotga kirib kelishi 1976-yilda ustoz shoir Erkin Vohidovning «oq yo‘l»i bilan boshlangan. Xurshid Davron she’riy tarjima bilan shug‘ullanadi, tarixiy hikoya va qissalar yozish bilan band. Xurshid xoh she’riyatda, xoh nasrda qalam tebratmasin, undagi tarixni chuqur bilish qobiliyati, keng ilmiy tafakkur saxiy nurlarini sochib turadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Xurshid Davron She'rlari Xurshid Davron asarlari