Sahifa yuklanmoqda . . .


Bahor keldi seni so'roqlab...

Salqin saharlarda, bodom gulida,

Binafsha labida, yerlarda bahor.

Qushlarning parvozi, yellarning nozi,

Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor...

 

Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni,

O’rik gullarining eding maftuni.

Har uyg’ongan kurtak hayot bergan kabi

Ko’zlaringga surtib o’parding uni.

 

Mana, qimmatligim, yana bahor kelib,

Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.

Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,

Ul ham yosh to’kdi-yu, chekindi nari.

 

Seni izlar ekan, bo’lib shabboda,

Sen yurgan bog’larni qidirib chiqdi.

Yozib ko’rsatay deb husn-ko’rkini,

Yashil yaproqlarni qidirib chiqdi.

 

Topmay, sabri tugab bo’ron bo’ldi-yu,

Jarliklarga olib ketdi boshini.

Farhod tog’laridan daraging izlab,

Soylarga qulatdi tog’ning toshini.

 

Qirlarga ilk chiqqan qo’ychivonlardan

Qayda shoir, deya ayladi so’roq.

Barida sukunat, ma’yuslik ko’rib,

Horib-charchab keldi, toqatlari toq...

 

So’ngra jilo bo’lib kirdi yotog’imga,

Hulkar va Omonning o’pdi yuzidan.

Singib yosh kuydirgan za’far yonog’imga

Sekin xabar berdi menga o’zidan.

 

Lekin yotog’imda seni topolmay,

Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.

Yana yel bo’ldi-yu, kezib sarsari,

Mendan so’ray ketdi qalbimni tilib:

 

«Qani men kelganda kulib qarshilab,

Qo’shig’i mavjlanib bir daryo oqqan?

«Baxtim bormi deya, yakkash so’roqlab»

Meni she’rga o’rab, suqlanib boqqan?

 

O’rik gullariga to’nmaydi nega,

Elda hilpiratib jingala sochin?

Nega men keltirgan sho’x nashidaga

Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

 

Qanday ishqqa to’lib boqardi tongga,

Kamol toptirardi keng xayolimni.

Uning rangdor, jozib qo’shig’ida

Mudom ko’rar edim o’z jamolimni.

 

Qani o’sha kuychi, xayolchan yigit?

Nechun ko’zingda yosh, turib qolding lol.

Nechun qora libos, sochlaringda oq,

Nechun bu ko’klamda sen parishonhol?»

 

Qanday javob aytay, loldir tillarim,

Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.

U ham g’aming bilan kezdi aftoda,

Boqib turolmayin qabring toshiga.

 

Alamda tutoqib daraxtga ko’chdi,

Kurtakni uyg’otib so’yladi g’amnok.

Sening yoding bilan yelib beqaror,

Gullar g’unchasini etdi chok-chok.

 

Gul-u rayhonlarning taraldi atri,

Samoni qopladi mayin bir qo’shiq.

Bu qo’shiq naqadar oshno, yaqin,

Naqadar hayotbaxsh, otashga to’liq.

 

Bahorga burkangan sen sevgan elda,

Ovozing yangradi jo’shqin, zabardast.

O’lmagan ekansan, jonim, sen hayot,

Men ham hali sensiz olmadim nafas.

 

Hijroning qalbimda, sozing qo’limda,

Hayotni kuylayman, chekinar alam.

Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,

Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

1945


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 27-Fevralda yuklangan

1283 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
bahor so'roq sahar bodom gul binafsha lab qir qush parvoz yel noz baxmal vodiy yer bag'ir o'rik kurtak hayot hulkar omon yuz qabr yigit yosh ko'klam parishon so'z bar daraxt nafas hijron qalb soz qo'l
Muallif
Zulfiya

Zulfiya

Yigirmanchi asr o’zbek adabiyotining barkamol ijod sohibasi. She’riyatida inson ruhiyatining shodon, mahzun xilma-xil kechinmalari, davr to’fonlari va yashash mohiyatiga doir ulug’vor falsafiy qarashlar mujassam. She’r-u dostonlari umumbashariy g’oyalari bilan, ularning jozibali hamda san’atkorona ifodasi bilan o’zbek va dunyodagi boshqa ko‘plab xalqlar she’riyat muxlislarining qalbidan mustahkam joy olgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Zulfiya She'rlari Zulfiya asarlari