Sahifa yuklanmoqda . . .


Atirgul barglari

1

Hayotmi bu, yo sirli ertak,
Yoki, bilmam, bir shirin tushdir:
Kipriklarim otmoqda kurtak,
Qoshlarimga shudringlar tushdi.

Ko’zim buloq singari toza,
Gulga kirdi har bir barmog’im.
Bog’da birdan bo’ldi ovoza –
Atirgulni yo’qlab bormog’im.

Kuy boshladi sozanda bulbul,
Jarchilarim – chittak va kakku:
“To’y boshlandi!
Ey, do’st, o’ynab-kul,
Axir, yashab qolish kerak-ku…”

Sovchi bo’ldi oppoq kabutar,
Kuyovjo’ra – qora qaldirg’och.
Gul qizarib, bezanib kutar –
Boshida dur yaltiragan toj.

Yo’limizga sochilar gulbarg,
Musichalar qilishar duo.
Ota uyin qilar ekan tark,
Ko’zyosh to’kar Atirgul… Shu on –

Dugonasi – qizg’aldoq bilan,
Pichirlashar, bilmayman, neni.
Hozirdanoq yuz aldoq bilan
O’z izmiga solmoqchi meni.

Mayli,
Gulga bo’ysinsam – aybmas,
Titrab turar nozik vujudi.
Buncha xushbo’y! Sirini aytmas,
Suvmas, atir ichganday xuddi…

Yashayapman –
Ming yil, yo bir on:
Vaqtning menga nisbati yo’qdir.
Anglab yetdim: sevsa gar inson –
Malak!
Boshqa qismati yo’qdir…

Shu savdoki – boshimga tushdi,
Shu sharafga loyiq ko’rdi Haq:
Ehtimol, bu bir shirin tushdir,
Balki, afsun, yoki bir ertak…

2

To tonggacha tinmadi yomg’ir,
To tonggacha chalib chiqdi kuy.
Taronasi – tiniq va sohir,
Hasrat ustunlarin yiqdi-ku.

Qalbim bilan tingladim uni,
To tonggacha… ko’zimni yumib.
Jonimdagi achchiq qayg’uni –
Kuyi bilan ketdi u yuvib.

Ko’zim toza… Toza so’z bilan
Salom berdim saxiy saharga.
Jilmaydi u – sevinchim bilar –
Quyosh ila chiqqum safarga.

Qumursqalar qatori bo’ylab,
Odimlayman, do’stim – ninachi,
Yo’l boshlaydi sho’x qo’shiq kuylab,
Qo’shilmasam ranjir ginachi.

Havo toza. Suvlar musaffo,
Atirgullar otmoqda mushak.
Yaprog’lari – sochadi safo –
Xonqiziga yoqimli to’shak.

Hayot – go’zal, fusunkor, sirli,
Yuragimdan toshayapti shasht.
Ey, Sevgining ma’sum asiri,
Yashash kerak, ha, sevib yashash!

Axir, hayot berilgan bir bor,
Yig’lasak ham, kulsak ham – kechar.
… Uxlamaymiz bu tun ham, dildor,
Yana yomg’ir yog’ar bu kecha…

3

Suv yuziga to’kildi asta
Atirgulning singan yaprog’i.
Ega chiqdi unga bir pasda –
Tillaqo’ng’iz ayni tong chog’i.

Jildiraydi musaffo ariq,
O’ynab oqar sahar qo’ynida.
Gul yaprog’i – eng nafis qayiq
Qalqir quvnoq yel o’yinida.

Suvni o’pgan giyohlar – ko’prik,
Sohilda qo’l silkir xonqizi.
Ko’zlarimdan to’kilgan kiprik
Eshkak bo’lar… Xavfli oqizib,

Aylantirar mitti girdoblar,
Tillaqo’ng’iz – mohir dengizchi.
Sabotini, san’atin toblab,
Davom etar yo’lida izchil.

Pisand emas xaslar to’sig’i,
Pisand emas qaltis burimlar.
Yelkan qilar yellar qo’shig’in,
Olislarda sevgisi imlar.

Ufq qa’rida – u suygan qo’ng’iz,
G’arq bo’lmaydi quyqa gumonga.
To yor ekan shunday go’zal his,
Yetishajak bir kun ummonga…

4

Atirgulning tanasi bo’ylab
O’rlab borar mitti chumoli.
Jilmayadi tushini o’ylab,
Nigohlari sarxush, xumorli.

Tush ko’ribdi qizil g’unchani,
Nur taratib yonib turganmish.
Ochib-yopib gul tugunchani,
O’zi bilan suhbat qurganmish…

Uyg’ondi-yu do’stlarin chorlab,
Tongda ko’rgan tushini aytdi.
Qarog’lari sevinchdan porlab,
Takrorladi qadimiy baytni:

“Bu ne tilsim?
Bu ne sir, hayhot,
Nahot menda bor bo’lsa yurak?
Endi menga Usiz yo’q hayot,

Endi uni ko’rishim kerak!”
Qancha ko’hna kitob titildi,
Xaritalar izlandi halak.
Oxir g’uncha manzilin bildi

Farishtalar do’sti – kapalak.
Yo’l boshladi.
Borar chumoli
Quyosh sari o’rlaydi tikka –
Yaprog’larning ostida qolib,
Sanchilsa ham ko’ksiga tikan.

Faqat, meni qiynaydi bir o’y,
Yetarmikan to qish kelguncha.
Taratarmi u payt atir, bo’y,
Sovuq urib to’zmasmi g’uncha?

Yarim yo’lda o’lar kapalak,
Safar olis – yetmaydi umri.
O’yin qilar joduli falak
Sochar ekan bir shoda durni.

Rahmim kelar…
Qo’limga olib,
Eltsam deyman manzilga oson.
Lek chumoli qovog’in solib,
Bosh chayqaydi: “Teginma, Inson,

Sening orzung mendan-da mayda,
Sevgi axir azob-la xushdir.
Jon chekmasang jonona qayda,
Mashaqqatsiz muhabbat puchdir!”

5

Ko’p qavatli bir uy misoli
Atirgulning barglari qat-qat.
Ijaraga bir go’sha olib,
Sevishganlar yashaydi faqat.

Har bargakda – bir baxtiyor juft,
Har yaproqda bir yorug’ chiroq.
Biri shoir, biri faylasuf –
Og’rinmasdan ochadi quchoq.

Bilmas sira – hasad ne, ne kin,
Begonadir dunyo g’ubori.
Yashaydilar dalli va erkin,
Biri – pastda, biri – yuqori.

Bittasiga teginsangiz sal,
Qo’zg’oladi bari – qo’shilar.
Havasimni keltirar rosa –
Bunday ahil, go’zal qo’shnilar.

Shabnam kabi sof tushunchasi,
Ishq hukmiga mangu asirday.
Atirgulning olov g’unchasi
Barchasiga nur sochar birday.

Asalari kuylab yig’ar bol,
Raqs tushadi nafis kapalak.
Xonqiziga tilaydi iqbol –
Ninachi rang bergan kamalak.

Yo’l quradi tanti chumoli,
O’rimchak jim bog’laydi rishta…
Xullas, hayot hasratdan xoli,
Mushkin uy bu – toza, sarishta.

Koshki,
Men ham – gunohkor banda
Ular bilan bo’lsaydim non-tuz.
Ular kabi pok emasman-da,
Hur emasman ularday, afsus…

6

Bog’da bulbul o’qidi azon,
Keyin kakku tushirdi takbir.
Jam bo’lishdi barcha namozxon –
Zag’cha, chumchuq… – tizildi bir-bir.

Gulzorning qoq o’rtasi – masjid,
Atirgulning bargi – sajjoda.
Sajda payti mast qilguvchi hid
Yuraklarni o’rtadi: boda –

Uzatardi bir sarmast g’uncha,
Bilmam, nega – sezmasdi hech kim.
Safdoshlarim yotib turguncha,
Gulqadahni sipqorib ichdim.

Tomirimda taraldi lazzat,
Xira ongim birdan yorishdi.
Dilga tushov barcha dahmaza
G’oyib bo’ldi – yerga qorishdi…

…Ixlos qilar har kim o’zicha,
Yo’llar ekan Arshga rozini.
Salom berdi imom musicha –
Va tugatdik shom namozini.

So’ng tarqaldik…
Kezindim besar –
Ilk bor tuydim ibodat totin.
Endi uyga qaytayin desam,
Xalal berar bir juft qanotim…

7

O’tar edim gulbog’ oralab,
Oyoq qo’yib mushkin pushtaga.
Bosardim goh g’unchalarga lab –
Qizil, sariq, oq va pushtiga…

Har birida – o’zgacha gulob,
Har birida – o’zgacha bir ta’m.
Mast bo’lardim…
Va sirim gullab,
Qo’shiq ayta boshlardim xurram.

Kuylamoqdan tinardi qushlar,
Chigirtkalar solardi quloq.
Chuvalchanglar dilini xushlab –
Chiqardi yer yuziga quvnoq.

Faqat bir gul mo’ltirar ma’yus,
Faqat bir gul – bog’ning chetida.
O’tgan kecha bariga, afsus,
Shu gul yolg’iz guvoh edi-da.

Ilk bor seni quchganim hamda
O’pganimni ko’rdi u nogoh,
Arazladi va o’sha damdan
Atrini ham sochmay qo’ydi, oh.

Endi o’ynab-kulsam-da qancha,
G’unchasini ochmaydi bu gul.
Yer iskaydi jim egilgancha,
Tuproqqa bosh urguday butkul.

O’tar bo’lsam yonidan, besas
Tovonimga sanchar nishini.
Qaydan bilay, senga dil bersam,
Atirgulning rashk qilishini.

Kel,
Kutaman bu kech ham bog’da,
Garchi yo’qdir senga hech so’zim:
Ranjimasin – uzatsin boda,
Atirgulga tushuntir o’zing…

8

Atirgulning bandini kesdim,
Qon sachradi yuzimga bexos.
Seskandim-u… qismatim sezdim,
Qiyin bo’lar endi menga, rost.

Tushlarimga kiradi bu gul,
Xo’rsinadi, ma’yus entikar:
Yaprog’lari to’kilmish butkul,
Ko’zlarimga qadaydi tikan.

Pichoq izi – tuzalmas yara,
Silqib turar ohi, ingrari.
Meni ta’qib qiladi yana,
Boshi ketgan shahid singari.

Girdoblarga otadi o’zin,
Suv oqizgan gulbargin izlab.
Yoshga to’lar sohilda ko’zim,
Uvol ketgan g’unchani eslab.

Axir, senga qilgandim tuhfa,
Tilagandim yolg’iz muhabbat.
Orzum edi: u bilan uxlab,
Tushlaringda meni ko’r faqat.

Sen-chi, bag’ring tosh ekan, dilbar,
Qanday og’ir gunohga botding –
Latif g’uncha qadrini bilmay,
Loyqa ariq qa’riga otding.

Endi meni qo’ymaydi bu gul,
Endi menga abadiy raqib.
Tushlarimni to’zg’itadi ul,
To o’lguncha qiladi ta’qib.

Bir kun o’lsam…
To’lg’onar qabrim,
Toshib chiqar mushkin anduhi.
Ayamasdan sochadi atrin
Atirgulning bezovta ruhi!

9

Yonarqurtday turibdi dilda –
Tegrasiga taratib ziyo.
O’rmalaydi – ilashsa tilga,
Yulduz kabi nur sochar go’yo.

Atirgulning labidagi pok
Shabnam yanglig’ balqib turar u.
Tushar bo’lsa yovvoyi nigoh,
Silkinadi – qalqib turar u.

Yorug’ So’z u. Qadr kechasi –
Malaklarning og’zidan tushgan.
Shoirlarning necha-nechasi
Uni faqat ko’rmishdir tushda.

Men ham yolg’iz unga ishonib
Olgan edim qo’limga qalam.
Qaro tunda – o’sha nishonim,
Shu’lasida tashlayman qadam.

Agar bo’g’sa zim-ziyo kecha,
Agar zulmat olaytirsa ko’z –
She’rim o’qing… Lahzada kechar
Dilingizga ushbu yonarso’z…


Ushbu chistonni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi Chistonlar Nodir Jonuzoq Chistonlari Nodir Jonuzoq asarlari