Sahifa yuklanmoqda . . .

Asarlar

Asarlar - Sahifamizdan o'zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari o'rin olgan bo'lib, ular sizni tafakkurning cheksiz osmonida parvoz qilmoqqa chorlaydi.

Husn ahlig'a zor-u mubtalo ko‘z ermish, Jonim bila ko‘nglumga balo ko‘z ermish. Fahm ayladim emdi, Boburo, ishq ichra, Ko‘zumni qorortqon qaro ko‘z ermish.

663
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Dushmanniki, bu dahr zabardast qilur, Naxvat mayidin bir necha kun mast qilur. G‘am yemaki, yetkursa boshini ko‘kka, Oxir yana yer kibi oni past qilur.

763
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Eykim, yoraliq jismima marham sensen, Majruh ko‘ngulg'a nishtarim ham sensen. Gah shod-u, gahi g'amgin esam, ayb etma, Kim boisi shodmonlig'-u g'am — sensen.

455
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Jonimda mening hayoti jonim sensen, Jismimda mening ruhi ravonim sensen. Boburni seningdek o‘zga yo‘q yori (azizi), Alqissaki, umri jovidonim sensen.

1228
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Hijron qafasida jon qushi ram qiladur, G'urbat bu aziz umrni kam qiladur. Ne nav bitay firoq-u g'urbat sharhin, Kim ko‘z yoshi nomaning yuzin nam qiladur.

1127
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Tole yo‘qi jonimg'a balolig' bo‘ldi, Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi. O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim, Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig' bo‘ldi.

12450
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Davron meni o‘tkardi sar-u somondin, Oyirdi meni bir yo‘la xon-u mondin. Gah boshima toj, gah baloyi ta'na, Nelarki boshimg'a kelmadi davrondin.

1044
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Beqaydmen-u xarobi siym ermasmen, Ham mol yig'ishtirur laim ermasmen. Kobulda iqomat qildi Bobur, dersiz, Andoq demangizlarki, muqim ermasmen.

944
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Ey gul, ne uchun qoshingda men xor o‘ldum? Yuz mehnat-u anduh bila yor o‘ldum! Vasling bila bisyor sevindum avval, Hajring bila oqibat giriftor o‘ldum.

1038
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Azm ayla sabo, yet guli xandonimg'a, Ne gulki, quyoshdek mahi tobonimg'a. Yetgil dog'i ishtiyoq ila Boburdin, Zinhor degil salom tuqqonimg'a.

815
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Har kimki, vafo qilsa — vafo topqusidur! Har kimki, jafo qilsa — jafo topqusidur! Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz, Har kimki, yomon bo‘lsa — jazo topqusidur!

5587
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘, Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘. Gar zamonni nayf qilsam ayb qilma, ey rafiq, Ko‘rmadim hargiz, netoyin, bu zamondin yaxshilig‘! Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘ngluma, Kelmadi jonimg'a hech oromi jondin yaxshilig'. Ey ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung yamonliq asru ko‘p, Emdi ko‘z tutmoq ne ma’ni har yamondin yaxshilig'? Bori elga yaxshilig' qilg'ilki, mundin yaxshi yo‘q Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig! Yaxshilig' ahli jahonda istama Bobur kibi, Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig'?

13894
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Sendek manga bir yori jafokor topilmas, Mendek sanga bir zori vafodor topilmas. Bu shakl-u shamoyil bila xud hur-u parisen, Kim jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas. Ag'yor ko‘z olida-u ul yor ayon yo‘q, G‘am xori ko‘ngul ichra-yu g'amxor topilmas. Ey gul, meni zor etmaki husnung chamanida, Ko‘zni yumub ochquncha, bu gulzor topilmas. Bobur seni chun yor dedi, yorlig' etgil, Olamda kishiga yo‘q esa, yor topilmas.

5282
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Mening ko‘nglumki, gulning g'unchasidek tah-batah qondur, Agar yuz ming bahor o‘lsa, ochilmog'i ne imkondur. Agar ul qoshi yosiz bog' gashtin orzu qilsam, Ko‘zumga o‘qdurur sarv-u ko‘ngulga g'uncha paykondur. Bahor-u bog' sayrin ne qilaykim, dilistonimning, Yuzi gul, zulfi sunbul, qomati sarvi xiromondur. Visoli lazzatidin zavq topmog'liq erur dushvor, Firoqi shiddatinda yo‘qsa jon bermaklik osondur. Boshidin evrulur armoni birla o‘ldum, ey Bobur, Mening na'shimni bori ul pari ko‘yidin aylondur.

3211
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur, Sening birla chiqishmoqlik dag'i bisyor mushkuldur. Mizojing nozik-u sen tund, men bir beadab telba, Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur. Ne osig' nola-u faryod xobolud baxtimdin, Bir unlar birla chun qilmoq ani bedor mushkuldur. Manga osondurur bo‘lsa, agar yuz ming tuman dushman, Vale bo‘lmoq jahonda, ey ko‘ngul, beyor mushkuldur. Visolinkim tilarsen nozini xush tortg'il, Bobur, Ki olam bog'ida topmoq guli bexor mushkuldur.

2273
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Bahor ayyomidur dog'i yigitlikning avonidur, Ketur soqiy, sharobi nobkim - ishrat zamonidur. Gahi sahro uzori lola shaklidin erur gulgun, Gahi sahni chaman gul chehrasidin arg'uvonidur. Yana sahni chaman bo‘ldi munaqqash rangi gullardin, Magarkim sunning naqqoshig'a rang imtihonidur. Yuzung, ey sarv, jonim gulshanining toza gulzori, Qading, ey gul, hayotim bog'ining sarvi ravonidur. Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning, G'aribingg'a tarahhum aylagilkim, andi jonidur.

1400
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur, G'uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur. Ul musalsal ikki zulfi gul yuzining davrida, Gul uza og'nar, magar, ul ikkining davronidur. O‘qi zaxmini ko‘rub har yon tanimda el degay, Kim, bu ko‘hi dardning ul lolayi No‘monidur. Sel emasdur yer yuzin tutqon — ko‘zumning yoshidur! Ra’d emasdur ko‘kka chirmashqon — ko‘ngul afg'onidur! Lojaram bo‘lg'ay parishon-u havoyi men kibi, Zarra yanglig‘ kimki bir xushred sargardonidur. Ul pari ishqida, Bobur, ko‘nglum andoq telbadur. Kim, sochi zanjiridur chohi zaqan zindonidur.

899
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

G'ofil o‘lma ey soqiy, gul chog'in g'animat tut! Vaqti aysh erur boqiy ol chag'ir, ketur, bot tut! Bu nasihatim ongla, ne bilur kishi yongla, Ne bo‘lur ekin tongla, sen bu kun g'animat tut! G‘ofil o‘lma davlatda o’zni solma mehnatda, Tangri berur albatta, davlat ista, himmat tut! Xush turur visoli yor, anda bo‘masa dayyor, Bo‘sa, vasl beag'yor davlat-u saodat tut! G'am cheriki behaddur, chorasi budur, Bobur, Bodani ko‘mak keltur, jomni himoyat tut!

1034
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon bo‘ldim, Demon bexonumon, ovvorayi ikki jahon bo‘ldum. Labing gar bermasa bo‘sa nechuk jon elta olg'aymen, Bu yo‘ldakim, adam sahrosig'a emdi ravon bo‘ldum. So‘rub ul oy labidin og'zining ramzini angladim, Bir og'iz so‘z bila ko‘rungki muncha xurdadon bo‘ldum. Nechakim qoshi yolar ishqida tuzlukni ko‘rsattim, Vale oxir malomat o‘qlarig'a-o‘q nishon bo‘ldum. Kular erdim burun Farhodi miskin dostonig'a, Bu Shirindurki oning birla-o‘q hamdoston bo‘ldum. Visoling davlatig'a yetmasam Bobur kibi, ne tong, Ki hajring mehnatida asr-u zor-u notavon bo‘ldum.

697
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Baloyi ishqki, har dam manga jafoyedur, Bu ishqdin kecha olmon ajab baloyedur. Xali labig'a tutash bo‘lsa, ey ko‘ngul, ne ajab, Ki Xizr chashmayi hayvong'a rahnamoyedur. Yarar bu xasta ko‘ngul dardig'a o‘qin yarasi, Magarki har yarasi yorning davoyedur. Bahor faslidur-u may havosi boshimda, Ayoq tut menga, soqiyki, xush havoyedur. Ul oy raqibg'a bo‘ldi rafiq-u Boburning, Rafiq-u hamdami hajrinda oh-u voyedur.

359
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching, Shikasta ko‘ngluma ermish qaro balo soching. Muyassar o‘ldi junun mulki, ey junun ahli, Nisori ashkni emdi bu kun mango soching. Soching shikastida bordur shikasta ko‘ngullar, Ko‘ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching. Ochildi ko‘ngli, chu ochting sochingni, Boburning, Ne ayb, agar desa dilband-u dilkusho soching.

883
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana, Tiyra bo‘ldi ro‘zg'orim ul qaro qoshdin yana. Men xud ul tifli parivashg'a ko‘ngul berdim, vale, Xonumonim nogahon buzulmag'ay boshdin yana. Yuz yomonliq ko‘rub ondin telba bo‘ldung, ey ko‘ngul, Yaxshilig'ni ko‘z turarsen ul parivashdin yana. Tosh urar atfol mani, uyida forig‘ ul pari, Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana. Oyog'im yetgancha Boburdek ketar erdim, netay, Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.

1207
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Ne xush bo‘lg'ayki, bir kun uyquluq baxtimni uyg'otsam, Kechalar tori mo‘yidek belig'a chirmashib yotsam. Gahi guldek yuzini ul shakar so‘zlukni islasam, Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning la'lidin totsam. Qani Shirin bila Layliki sendin noz o‘rgansa, Qani Farhod-u Majnunkim, alarg'a ishq o‘rgatsam. Yoruq kunduz, qorong'u kechada anjum kibi bo‘lgay, Chekib gar oh dudini ko‘ngul o‘tini titratsam. Ko‘zum ravshanlig'ida bo‘lg'ay, Bobur, base kamliq, Agar qoshi bila yuzun hilol-u kunga o‘xshatsam.

463
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga, Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga. Netgayman ul rafiq bilakim, qilur base, Mehr-u vafo raqibg'a, jabr-u jafo manga. Begona bo‘lsa aql meni telbadin, ne tong, Chun bo‘ldi ul parisifatim oshno manga. Oh-u yoshmidin ortadurur za’f, ey tabib, Bildim yarashmas emdi bu ob-u havo manga. Dardim ko‘rub muolajada zoye etma umr, Kim, jonda dardi ishq durur bedavo manga. To yor kimni istar-u ko‘ngliga kim yoqar, Tashvish bejihat durur oxir sango, manga. Bobur, bo‘lub turur ikki ko‘zum yo‘lida to‘rt, Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir mango manga.

3870
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur