Sahifa yuklanmoqda . . .

Iqbol Mirzo Asarlari

Iqbol Mirzo Asarlari - Sahifamizdan o'zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari o'rin olgan bo'lib, ular sizni tafakkurning cheksiz osmonida parvoz qilmoqqa chorlaydi.

Salom bering va lekin Yaqiniga bormanglar. Assalomu alaykum, G‘iybatchilar, xormanglar! Erkaksifat xotinlar, Xotinsifat erkaklar. Xabari yo‘q o‘zidan, Ko‘ringanni ermaklar. To‘qiyvering gap-to‘rlar, O‘zingizdan ortmanglar. Assalomu alaykum, G‘iybatchilar, xormanglar! Pismiqlar, muloyimlar, Ay, siz irkit jo‘jalar, Ay, bekorchioyimlar, Ay, bekorchixo‘jalar! Menga qolsa barini Birma-bir bosar edim. Kattaroq bir asbobga Tilidan osar edim. Zamon ko‘tarmas lekin Mayli, yaqin bormanglar. Assalomu alaykum, G‘iybatchilar, xormanglar! 2005

170
She'r
Iqbol Mirzo

Muhabbatsiz kechdi bu visol, Men murodsiz maqsadga yetdim. Tuni bilan yalindi ayol, Kelaman deb aldadim – ketdim. Yo‘lko‘rsatkich bo‘ldi xazonlar, Daydibadar yelga aylandim. O‘tdi oylar, o‘tdi zamonlar, Yana o‘sha menga aylandim. Yana bordim tilanib visol, Hasratimni aytdim- aytmadim. Meni itdek haydadi ayol, Men vafodor itdek... ketmadim.

120
She'r
Iqbol Mirzo

Sen chiroyli qiz eding, Sen chiroyli kularding. Sal xunukroq bo‘lsayding O‘zimniki bo‘larding. Men ketaman, gulg‘uncha, Qarab qolmagin, dedim. Men murodga yetguncha Qarib qolmagin, dedim. Visol nima, dedim men, Hijron kerak she’r uchun, Qiynoq kerak she’r uchun, Armon kerak she’r uchun.

205
She'r
Iqbol Mirzo

Eski doridek quvvati ketgan – qadr... Ammo hayot hamon yangi – go‘zal, o‘g‘lim. Barmoqlaring ignadan ham ingichkadir, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Derazadan nafasingni sezib turdim, Gunohlarim o‘ylab, ko‘nglim ezib turdim. Oq libosdan sendan battar bezib turdim, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Tovonimdan sochimgacha uzun og‘riq, Og‘riq bormi chorasizlikdan ham ortiq. Senga qanday dard tegdiykin mendan ortib, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. G‘aribgina sochilmishdir o‘yinchoqlar, Beshik bo‘ynin siqayotir ko‘zmunchoqlar. Mittigina tuflichalar ham paypoqlar... Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. Asli, o‘zim xastaholman, o‘zim dardmand, Faqatgina dilimda bu kasal, o‘g‘lim. Sen sog‘aysang, men ham balki tuzalarman, Tuzala qol, o‘g‘lim, tezroq tuzal, o‘g‘lim. 1999

49
She'r
Iqbol Mirzo

Daralarga qamab qo‘yib bo‘ronlarni, Tinchlantirsam yurakdagi suronlarni. Bir erkalab, bo‘yin to‘ksam rayhonlarning, Huzuringga men o‘zimni keltursaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. Umr tushdek izsiz, shitob o‘tayotir, Umidimni yanchib, mutab o‘tayotir. Oy iqida shoshqin oftob o‘tayotir, Shul hajrni men vaslga yetkursaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. Ehromlar ham bir kun turob bo‘lar ekan, Koinot ham to‘zg‘ib, xarob bo‘lar ekan. Faqat sevgi mangu va sof bo‘lar ekan, Bilganimni endi senga bildirsaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. Ko‘z yoshlarim, shoshilmangiz, ketmang toshib, Qon yurakka malham bo‘lar sho‘r ko‘z yoshi. Quvonchlardan kechib, qayg‘ulardan qochib, She’rlar aytib, yig‘latsaydim, kuldirsaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. Aytgil, hamon bormi shirin arazlaring? Salomatmi orzularing, havaslaring. Qulog‘imdan ketgani yo‘q nafaslaring... Seni yana bir ko‘rishga ulgursaydim, Ko‘zlaringga termulsaydim, termulsaydim. 1997

201
She'r
Iqbol Mirzo

Hilviroq kitobni zarb bilan yopdim, Ko‘hna bo‘y urilib buzdi ko‘nglimni. Xazon to‘shagidan bir gavhar topdim: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Bulutlar uchrashdi chaqmoqlar otib, Chaqmoq – sog‘inchlarning oydin gulimi? Yomg‘ir shivirladi to‘kilayotib: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Daryo quchog‘ida tosh qotgan toshlar, Eshitib zerikkan sevgi o‘lanin. Daryo to‘rt tomonga o‘zini tashlar: Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. Yolg‘izim, bizlarni siyladi taqdir, Ming usulda to‘sdi borar yo‘limni. Sevgimiz bezavol yashaydi, axir – Visol – muhabbatning go‘zal o‘limi. 1997

63
She'r
Iqbol Mirzo

Yo‘g‘-u borimga bois borliqsan, sevgi, Yagona yordan yolg‘iz yorliqsan, sevgi. Yuragimni tars yorgan lazzatsan, lazzat, Ongimdagi abadiy og‘riqsan, sevgi. Kapalak chang chalganda sochilgan changsan, Chumoli torta kelgan tortiqsan, sevgi. Momo Havo to‘ymagan havosan, harir, Odam Ato so‘ymagan jonliqsan, sevgi. Cho‘kayotib tutganim xassan, men uchun – Sevgilimdan ming karra ortiqsan, sevgi. 1995

65
She'r
Iqbol Mirzo

Metroda sayr qilib yurmaydi hech kim, Birov ishdan qaytar, birov sayrdan. Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim, Kimdir ro‘znomani ikki ayirgan. Men ham qaytayotgan edim uyimga, Yumushlardan tolib, xayolga tolib. Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday, Ko‘nglimga chirpirak g‘alayon solib. Go‘yo tanimading. Tutqichni tutib, Ma’yus jilmaygancha tolding xayolga. Turgim, borgim keldi. Elni unutib, Seni ko‘mgim keldi ming bir savolga.

82
She'r
Iqbol Mirzo

Men na qilay, harna qilsa, qildi taqdir, Ikki nuqta aro jismim muallaqdir. Ikki yoqqa boqar bo‘ldim lol-u hayron: Birisining ismi – zamin, biri – osmon. Qay bir kecha hilolga may quyib ichdim, Ko‘zim yumib, ikki qizdan birin quchdim. Endi, kimni tanladim, deb jonim halak: Birisining ismi – shayton, biri – malak.

135
She'r
Iqbol Mirzo

Bu yerdan oh urib o‘tgan Go‘ro‘g‘li, Bu yerdan ot surib o‘tgandir Namoz, Bu yerga qismatning uchta zo‘r o‘g‘li Piyoz ekyapmiz, piyoz! «Qarg‘ish tekkan yer bu!» – degan Xudoyor. Faqat oy tunlari chodirin tikkan, Faqat biz – uch og‘a-ini har bahor Piyoz ekkanimiz ekkan. Tirik-chilik... O‘zingizga ma’lum buyog‘i. Rizqi ro‘z degani – titilgan to‘rva. Do‘konda falon pul paxta yog‘i... Piyoz bo‘lsa, qozonda sho‘rva.

38
She'r
Iqbol Mirzo

O‘shanda (oq osmon, qo‘ng‘ir yer guvoh...) Ismimni bilardi qayrag‘och bargi. Yuragim tomida yotgan qizg‘aldoq Kapalak haqida qo‘shiq aytardi. O‘shanda o‘zim ham olov edim-da, Tushovini uzgan toyga o‘xshardim, Akamning choponin ilib egnimga Qirda quyun bilan kurash tushardim. O‘shanda jilg‘alar chuchuk til bilan – Erkalab, toshlarning boshin silardi. Chig‘anoqlar esa suyuq dil bilan Toshning kovagida achchiq yig‘lardi.

52
She'r
Iqbol Mirzo

Uch bora aylandi ajal qamchisi, Uchta yulduzimni falakdan uzib, Bugun jigarimda uchta tig‘ izi, Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf. Birovi shamshirday to‘g‘ri zot edi, Biri erkatoyi she’riyat bog‘in. Birisiga mayda gaplar yot edi, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Oxun. Nazar yomon ekan, suq yomon ekan, Bir ariqdan suv ichib, birga o‘sib, Ko‘p ekan-da joningga ko‘zin tikkan... Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.

58
She'r
Iqbol Mirzo

Yomonga o‘lim yo‘q, yaxshiga kun yo‘q, Tomiringga qo‘shib olishar uzib. Bobur yo‘q, Cho‘lpon yo‘q, Majnun yo‘q, Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf. Bir qiz yig‘lab borar, soddagina qiz, Yig‘lar kitob bilan yuzini to‘sib. Balki sevgilingiz, balki singlingiz, Muhammad Yusuf yo‘q, Muhammad Yusuf.

247
Chiston
Iqbol Mirzo

O‘qtin-o‘qtin g‘azab otiga minib, Vahshat solar telba Qo‘qon shamoli. Ko‘zlaring qisilib, qulog‘ing tinib, Ajrata bilmaysan yerdan samoni. Uch kun davom etar talotum, qutqu, Uch kun kattalarning tilida duo. Uch kun el taqvoga burkanar butkul, Ramazonda shuncha yodlanmas Xudo.

239
Chiston
Iqbol Mirzo

Mudom yorug‘ bo‘lsin darchalaringiz! Menga ko‘chib o‘tsin barcha dardingiz! Men sizni avaylab charchamadim hech, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz. Goho yomon qarab, goh qaramasdan, Goho yolg‘on kulib, goh kulib rostdan, Goho erkalanmay, erkalamasdan, Siz ko‘nglim og‘ritib charchamadingiz.

86
Chiston
Iqbol Mirzo

Men yerga bog‘langan bir bandi edim, Sahar borib, oqshom qaytardim ishdan. Sen kelding… Sen, axir, qaylardan kelding? Ko‘klardan tushdingmi, ma’sum farishtam? Bir xushbo‘y sabolar taraldi birdan – Yurakni siypalab, erkalaguvchi. Odamlar odamdan zerikkan yerdan Insonlar tarafga yetaklaguvchi.

160
Chiston
Iqbol Mirzo

Zilziladan to‘rt kun o‘tganda,                                 Bomdan –  Bir xabar yurakni titratdi yana. Qizchasin panalab qulagan tomdan, Omon asrab qopti jonfido ona. Qancha fursatimni yoqib isindim, Olovga tobladim mudroq tanimni. Birdan shu lahzada ro‘y-rost his qildim Onamni qanchalar sog‘inganimni.

84
Chiston
Iqbol Mirzo

Singan odam, tuyg‘ulari tingan odam, Singan odam, qismatiga ko‘ngan odam. Siniq kulib, siniqqina ko‘rishadi, Kun ko‘radi, yashamaydi singan odam. Yuribmiz-da, deydi endi o‘g‘il-qiz deb, Qoraqozon yonidagi qorako‘z deb… Men hamisha yoningdaman, ketdik, do‘st, deb, Yelkangga qo‘l tashlamaydi singan odam.

59
Chiston
Iqbol Mirzo

Qaldirg‘och – ko‘klamning langari, Hut keldi bulutda – kemada. Sakradi yashillik lashkari, Faqat Gul kelmadi, kelmadi.                                             Nimpushti, nimyashil, nafarmon – Ranglarga bog‘larni beladi. Unga na qonun bor, na farmon… Faqat Gul kelmadi, kelmadi.

306
Chiston
Iqbol Mirzo

Shoirlik g‘irt bekorchiga ish, Yumushim shu – xayol suraman. Nima haqda? Noqulay aytish... Sizni hamon yaxshi ko‘raman.   Iqrorimdan zarracha naf yo‘q, Hanuz xomman, hanuz g‘o‘raman. Nishoniga borib tekkan o‘q, Yuragim qon. Yaxshi ko‘raman.

64
Chiston
Iqbol Mirzo

Birdan ehtirosga to‘ldingiz, Yondingiz, kuydingiz, so‘ndingiz. Parishon, sochingiz parishon, Mendan soviyapti ko‘nglingiz. Men hamma qatori bolaman, O‘zimdan zerikib qolaman. Bilishim bilmaysiz, bilaman, Mendan soviyapti ko‘nglingiz.

48
Chiston
Iqbol Mirzo

Manglayga kaft qo‘yib olisga boqsam, Edildan ko‘rinar bo‘ylaring, o‘zbek. Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham, Noming aytar enasoylaring, o‘zbek. Nuh to‘foni, demak, qismat shamoli, Kimningdir kamoli, kimning zavoli. Sargashta kun ko‘rding ohu misoli, Shundan hamon mungli kuylaring, o‘zbek.

262
Chiston
Iqbol Mirzo

Bir daraxtni ko‘rdim – mag‘rur, barkamol, Istagan faslida gullaydiganday. Pisandiga yaqin kelmas qor, shamol: Durkun bargi mangu so‘lmaydiganday. Shul daraxtning oldida xor, g‘aribman, Yo‘l yarmiga etar-etmas horibman, Havodan kuz hidin olib turibman, Bahor menga qaytib kelmaydiganday.

113
Chiston
Iqbol Mirzo

Fuzuliy lutf etib ketgan bir zamon, Go‘zallar vafosiz, aldoqchi dedim. Yoningda qolishga yo‘q edi imkon,  Men sening yodingda qolmoqchi edim. Negadir istardim qiynalishingni, Yuragingga kamand solmoqchi edim. Onangga aytolmay qolsang tushingni... Men sening yodingda qolmoqchi edim.

122
She'r
Iqbol Mirzo