Sahifa yuklanmoqda . . .

Amirqul Po'lkan Hayoti va Ijodi

Amirqul Po'lkan

yozuvchi
shoir

447 marta ko'rildi


Amirqul Po'lkan asarlari:

Barcha asarlari

She'rlari

Po‘lkan shoir sulolasining uchinchi vakili – shoir Amirqul Po‘lkan (1948-1982) 1948 yil 15 iyulda tug‘ilgan. Toshkent Davlat Universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagach, “Guliston” va “Sharq yulduzi” jurnallarida, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasida ishlagan. Shoirning “Poyga”,”Buloq”, “Izhor”, “Ohang” kabi she’riy to‘plamlari, “Mangulikka suyiqasd” ,”Shaytonni o‘limi” dostonlari nashr etilgan.

Ayni ijodi gullab -yashnagan 34 yoshida bevaqt vafot etgan shoirdan to‘rt she’riy kitob va besh farzand meros bo‘lib qoldi. Amirqul Po‘lkanning birinchi kitobi- ”Poyga” she’rlar to‘plami 1978 yilda G‘ofur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan. Ushbu to‘plamga shoirning yoshlik chog‘larida yozgan vatan, hayot, muhabbat va ezgulikni tarannum etguvchi sara she’rlari kiritilgan edi. 

Amirqul Po‘lkanning ikkinchi kitobi – ”Buloq” she’rlar to‘plami – 1979 yilda nashr etilgan bo‘lib, unda shoirning yoshlik chog‘larida bitgan sara she’rlari kiritilgan. 

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Mirmuhsin domla kitobga shunday so‘z boshi yozib qoldirgan edilar: ”Amirqul Po‘lkanov adabiyotga dadil kirib kelayotgan iste’dodli yoshlardan biri. Uning she’rlari xalq og‘zaki ijodiga xos rangin ohanglarga boyligi, samimiyligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. U lirik she’rlarida ham, ijtimoiy mavzularda yozilgan ruhidagi she’rlarida ham hayotni butun ziddiyatlari bilan tasvirlashga inson ruhiy kechinmalarini yorqin bo‘yoqlarda aks ettirishga intiladi. Shoir bo‘lish Amirqulga bobomeros.U bobosining izidan borib, bugungi kunda xalqqa manzur bo‘larli she’rlar yozayapti. Men unga she’riyatning sertashvish, sermashaqqat dong‘il yo‘lida ijodiy kamolot tilayman”.

Ayni ijodiy kamolotga erishgan payti – 34 yoshida hayotdan erta ketgan Amirqul Po‘lkanning ”Xotira uyg‘onsa go‘zaldir” degan go‘zal satrlari bor. Shoirning xotirasi hamisha barhayot. Amirqul Po‘lkan bugun ham o‘z she’rlarida yashamoqda.

Amirqul Po‘lkanning “Ohang” she’rlar to‘plami 1987 yilda ”Yosh gvardiya” nashriyoti tomonidan chop etilgan edi. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning kitobga yozgan so‘zboshisida shunday jumlalar bor:

“Afsuski, adabiyot tarixida umri bahor gullaridek qisqa adiblar ba’zan uchrab turadi. Lekin bu tabiat qonunini chetlab o‘tadigan birgina yupanch bor. U ham bo‘lsa har bir iste’dod egasidan qoladigan ijodiy merosdir.
Qadrli ukamiz Amirqul Po‘lkandan ham o‘ziga xos she’riy guldasta, bir necha dostonlar xotira bo‘lib qoldi. Uning kamtarin ijodi ulug‘ bobosi Po‘lkan shoir nomi bilan bog‘liq adabiy xonadonning, qolaversa, she’riyatimizning jajji bir nishonasi bo‘lib qolaveradi”.

Shoir o‘limidan so‘ng nashr etilgan bu to‘plam haqiqatdan o‘zbek adabiyotining jajji bir nishonasi sifatida saqlanib qoldi.


Amirqul Po‘lkanni yaqinlari va do‘stlari yaxshi xotiralar bilan eslashadi. Samimiy, oqko‘ngil, jasoratli shoir edi, deyishadi.
Ilohim shoirning ruhi shod, oxirati obod bo‘lsin!

Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Ertalab ishga keliboq, mening yonimga kirar, yo o‘zi yozgan yangi she’rini o‘qib berar, yoki mendan biror narsa eshitgisi kelganini aytib, o‘qishga majbur qilardi. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).

Tafakkur Tafakkur asarlari

Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: xabar@tafakkur.net