Sahifa yuklanmoqda . . .


Amakim

Katta korxonaga boshliq amakim,
Jamoaga doim “aql” beradi.
Amakimning fe’li bizlarga ma’lum,
Gapini qaytarsak yomon ko‘radi.

Qilmasdan qo‘ymaydi o‘z aytganini,
Bermaydiyu, faqat olar hayotdan.
Hatto bizlarni ham qarzdor qilib qo‘yar,
Cho‘g‘ bo‘lib ketamiz goho uyatdan.

Shoirnamo gaplar amakimga – qalqon,
Ideal deb bilar o‘zini faqat.
Aslo ochmaydi u asl niqobini,
Sezganlarga doim bo‘lar beshafqat.

Goho siyosatdan cho‘pchaklar aytar,
Nayza bilan turtar asab, sabrga.
Faylasufligi tutib ketsa agar,
To‘n kiyg‘azib qo‘yar hurmat, qadrga…

Lom-mim demaymiz biz, qo‘rqamiz,
G‘ing desak tilimiz olar “sug‘urib”.
Nima aytsa, faqat shuni bajaramiz,
Xizmatin qilamiz elib, yugurib.

Egilib,
Bukilib,
Turlanib turamiz,
Samimiy hurmatga aslo ko‘nmaydi.
Kundan-kun amakim shardek shishib borar,
Yod olgan “hikmatin” aytib tinmaydi.

Chizgan chizig‘idan sira chiqolmaymiz,
Moslashib qolganmiz biz shunga juda.
Amakim-ku bir kun aniq “yoriladi”,
Bizni bu balodan asrasin xudo!

1973


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2018, 20-Martda yuklangan

21 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
korxona boshliq amaki jamoa aql fe'l biz gap yomon
Muallif
Amirqul Po'lkan

Amirqul Po'lkan

Amirqul Po‘lkan kamtar, kamso‘z, lekin ishonchli do‘stlari davrasida dilkash, tafakkuri teran shoir edi. U bilan do‘stona munosabatlarimiz bor edi. U „Sharq Yulduzi“ining she’riyat bo‘limida, men esa yozuvchilar uyushmasida she’riyat bo‘yicha adabiy maslahatchi bo‘lib ishlardim. Uning she’rlari quyma shaklda, misralari me’yoriga etkazilgan bo‘lar, quruq maqtovni yoqtirmas, tez qizarib ketguvchi edi (Shoir Yodgor Obid xotiralaridan).

Batafsil


Yangi She'rlar Amirqul Po'lkan She'rlari Amirqul Po'lkan asarlari